Paltau sharsharasi, Obirahmat g‘ori

Bu safargi sayohatim tarixiy va tabiiy manzillar tomon bo‘ldi. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Chotqol tog‘lari vodiysida bir-biridan go‘zal ko‘llar, sharsharalar, daryo vodiylari mavjud. Paltov (Paltau) sharsharasi ham tabiiy go‘zalligi bilan o‘ziga tortadi. Sharshara yo‘lida esa qadimiy Obirahmat g‘ori mavjud bo‘lib, bu yerda O‘zbekistondagi eng qadimiy inson suyaklari topilgan.

Paltovsoy darasiga Chorvoq suv omborining janubiy qirg‘og‘i bo‘ylab, Burchmullo qishlog‘igacha borib, ko‘prikdan o‘tiladi, taxminan 500 metr o‘tgandan so‘ng chapga grunt yo‘lga buriladi. Yo‘lning oxiri chegara va qo‘riqxona postiga olib boradi. Bu joylar O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegaralariga yaqin bo‘lgani uchun shu postda pasportlar registrasiya qilinadi. So‘ng qo‘riqxona hududiga kirilayotgani uchun 12250 so‘m to‘lanadi. Ichkariga mashinada ham kirsa bo‘ladi. Lekin tog‘ yo‘lida oddiy mashina qiynalishi va shikastlanishi mumkin.

Piyoda kirishni afzal ko‘rdik. Biz tanlagan so‘qmoq Paltovsoyning o‘ng tarafi bo‘ylab manzilga olib boradi. Yo‘lda “To‘palang”chilar Chotqol daryosida qurayotgan GESni ko‘rish mumkin. Paltovsoyga o‘sha yerda ko‘rinib turgan syement minizavodi oldidan o‘tuvchi so‘qmoq bilan boriladi.

Obirahmat g‘ori

Avval Obirahmat g‘orini ko‘rib, so‘ng Paltau sharsharasiga borishga qaror qildik. MAPS.ME ilovasidagi trek bilan g‘or tomon yura boshladik. Ilovadagi marshrut to‘liq bo‘lmay, g‘orga 500 metr qolganda yo‘l tugab qoldi. Xaritada g‘or yuqorida ko‘rsatilgan. Yuqori esa tik tog‘. Qarasam, so‘qmoq turibdi, lekin u xaritada ko‘rsatilmagan. So‘qmoq baribir o‘sha yerga olib borsa kerak deb yuraverdim. Gʻor esa uzoqlashib borardi. Noiloj tog‘ning sel oqib tushadigan tikroq yo‘lidan yuqoriga chiqa boshladim.

Tepadagi yerlarni bo‘lib, o‘rab olishgan ekan. Gʻorgacha yana bir tepalikni aylanib o‘tdim. Nihoyat xaritadagi g‘orning manzili yaqinlasha boshladi. 500 metrlik yo‘l menga 3 km ga aylandi. Gʻorga yetmasdan kichik sharshara va arxeologik qazishmalar olib borilgan manzil mavjud. Issiqda suvim qolmagan edi. Sharshara suvida qonib ichdim, idishga ham to‘ldirdim.

Xarita asosiy g‘orgacha taxminan 50 metr qolganini ko‘rsatmoqda. Lekin g‘orning og‘zi ko‘rinmaydi. Men bir tarafdan, o‘g‘lim ikkinchi tomondan g‘or og‘zini qidira boshladik. Topilishi qiyin bo‘ldi. Pastdan qaraganda g‘or og‘zi umuman ko‘rinmas ekan. Gʻor pastga qarab ketgani uchun yaqiniga bormaguningizcha topish qiyin ekan.

Obirahmat g‘ori keng yoysimon shaklda bo‘lib, eni 20 metrcha keladi, chuqurligi 5 metrga yaqin. Tepada tuynugi borligi uchun ichi nisbatan yorug‘. Ayrim paytlari g‘or qiyasidan chuchuk suvli shalola oqib tushadi. Gʻor ichkarisi tuprog‘i nam. Hozir tashqarida harorat 40 daraja bo‘lsa, ichkarida 10-15 darajani tashkil etadi. Ba’zida g‘or ichida ko‘rshapalaklar ko‘rinadi.

Paltau sharsharasi yaqinidagi Obirahmat g’ori tarixi

Obirahmat g‘orini tarixchi olimlar mustye madaniyatiga doir qadimgi manzilgoh sifatida baholashadi. Gʻor ichida uzoq vaqt davomida hosil bo‘lgan 21 madaniy qatlamning umumiy qalinligi 10 metrni tashkil etadi. Gʻorni 1962 yili A. Muhammadjonov va S. Nasriddinov topgan. Gʻordan nayzasimon qurollar, nukleuslar, turli xildagi tosh kesgichlar, ponasimon qurollar, bigizlar topilgan. Topilmalar O‘rta Osiyoda tosh davrining eng boy kolleksiyalaridan birini tashkil qiladi. Shuningdek, g‘ordan bir necha hayvon, jumladan g‘or sheri suyaklari topilgan.

Toshkent ensiklopediyasida yozilishicha, Obirahmat g‘orida 2003 yildagi ishlar natijasida 16-madaniy qatlamdan arxeologik materiallar bilan birga odam suyaklari topilgan. Tahlil natijalari ushbu suyaklar 70 ming yillik davrga egaligini ko‘rsatdi. Bunday ilk yuqori paleolit davri yodgorligi hozircha dunyoda yagona hisoblanadi. Bular 6 ta tish suyagi, 1 ta quloq suyagi va maydalanib ketgan bosh suyak qoldiqlaridir. Suyaklar 8–9 yoshli bolaga tegishli bo‘lib, tishlar va bosh suyak qoldiqlari homa supins sapins va quloq suyagi neandertal odamniki bo‘lib chiqdi. Suyak qoldiqlari ustida asosan Avstriyaning Insbruk tibbiyot markazida, Novosibirskdagi yadro fizikasi, Germaniyaning Maks Plank nomli institutida tadqiqot ishlari o‘tkazildi.
Demak, O‘zbekiston hozirgi odam paydo bo‘lgan hududga kirishi isbotlandi.

Gʻordan chiqib, o‘sha yerdagi cho‘ponlardan Paltau sharsharasigacha eng yaqin yo‘lni so‘rab oldim. Hali MAPS.ME bizga noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan ekan. Aslida asosiy so‘qmoq bo‘ylab, pastga yurib, soydan kechib, yuqoriga ko‘tarilsa, g‘orga osonroq yetilarkan. Shu yo‘l bilan pastga tushib, soy qirg‘og‘i bo‘ylab yuqoriladik.

Qarshimizdan huddi o‘yib daryo uchun yo‘l qilinganidek, ikki taraf kan’onlar ko‘rindi. Kan’onlar orasida yurib chap tarafimizda yana bir g‘orga o‘xshagan joyni uchratdik. Bu yer geologlar qazigan tunnel bo‘lib, uzunligi 12 metrga yetadi. Tunnel kengligi va balandligi 2 metrdan. Bu yerda geologlar flyuorit tog‘ jinsini topishgan. Lekin uni qazib chiqarish qimmatligi va o‘zini oqlamagani sababli qazishma ishlari to‘xtatilgan.

Paltau ma’nosi

Paltovsoyning ma’nosi haqida ham ikki xil fikr bor. Birinchi versiyaga ko‘ra, Paltov “po‘lat tog‘” so‘zlaridan olingan bo‘lib, keyinchalik Paltov, Paltau deya o‘zgarishga uchragan. Ikkinchi versiyaga ko‘ra “bol tog‘” Poltog‘-Poltov-Paltov-Paltau tarzida o‘zgargan.

Uzoqdan sharsharaning ovozi eshitilmoqda. Sharshara ajoyib bir joydan tushadi. Ikki tarafi 50 metrli tik kan’on, kar’on o‘rtasidan yorib Paltov sharsharasi tushadi. Ugom-Chotqol davlat qo‘riqxonasi hududida joylashgan Paltov (Paltau) sharsharasi balandligi 35-40 metrni tashkil etadi. Hozir suvi biroz loyqa, lekin muzdek emas. Bemalol cho‘milsa bo‘ladi. O‘g‘lim bilan sharshara ichida miriqib cho‘mildik. 40 metr tepadan tushadigan suv qattiq savalaydi. Shunday bo‘lsa-da, juda maroqli.

Sharsharadan yuqorida, 2 km uzoqlikda qayinzor va yana bir kichik sharshara mavjud. 5 km uzoqlikda, Chotqol daryosi, Chukuraksuv darasida esa yana bir go‘zal sharshara bor.

Tabiat go‘zal. Qaytishda Katta Chimyonning mahobati sizga yaxshi kayfiyat beradi. Daraxtlar orasidan qochayotgan bedanalar, kaptarlar, kuylayotgan sayroqi qushlar bahri dilingizni ochadi.

Davronbek Tojialiyev
(Tg-kanali)

Biz bilan sahohat uyushtiring! Hech ham afsus qilmaysiz! Biz qulay narx, xavfsizlik, qulayliklar va qolgan barchasi bilan sizni ta’minlaymiz.
Biz bilan birga bo’ling!

Biz bilan bog’lanish uchun: +998903261137 (Telegram)